Karetka

Karetka (ital.. carretta – aravacha) – mashina va mexanizmlarning, odatda, yo`naltirgich bo`ylab harakatlanadigan uzeli. Metall kesish stanoklarida K. – supporting bir qismi, to`quv stanoklarida K. – mayda gulli yoki to`qilishi murakkab gazmollarga ishlov berishda zev hosil qiladigan mexanizm qismi. Yozuv mashinalari, velosipedlar (pedal mexanizmi), gusenisali mashinalar (tayanch g`altakli muvozanatlovchi K.) va b.da ham K. bor. K.ning alohida turi burg`ilash bolg`alari (burg`ilash K.lari)ni joylashtirish uchun xizmat qiladi. Shuningdek monorels bo`ylab dastaki harakatlantiriladigan telejka ham K. deyiladi; u sex ichida va sexlararo yuk tashiydigan tallarni osishga mo`ljallangan. Mexanizatsiyalashgan K.ga telfer deyiladi.