Kislotabardosh materiallar

Kislotabardosh materiallar – kislotalarning yemiruvchi ta`siriga chidamli materiallar. Asosan, ximiya sanoatida turli sig`imdagi idishlar (va ularni futerovkalash uchun), trubalar, shlanglar, qoplamalar tayyorlashda, pollar, asoslar yotqizishda, minoralar qurishda, shuningdek kislotaga chidamli germetiklar va zichlagichlar sifatida ishlatiladi. K. m. metallar – yuqori darajada legirlangan po`latlar va cho`yanlar, nikel, mis, alyuminiy, titan, sirkoniy, qalay, qo`rg`oshin, kumush, niobiy, tantal, oltin, platina va boshqa ba`zi metallar hamda qotishmalar; metallmas materiallar – tog` jinslari (andezit, beshtaunit, kvarsit, granit, felzit), tosh quyma (diabaz, bazalt), keramika, betonlar, asfalt qiladigan kompozitsiyalar, sintetik  kauchuklarning ba`zi turlari asosida olinadigan rezina, shisha, emallar, maxsus zamazkalar, sementlar, mastikalar va b.